21 060 000 so'm
Ultrayengil, ultrayupqa va ishonchli - HUAWEI Mate Xs 2 Huawei kompaniyasi buklama Mate Xs smartfonining apgreydiga ishonch bilan yondashgan. Huawei Mate Xs 2 - bozordagi hozircha kichkina bo'lgan soha, ya'ni buklama planshetofonlar borasida raqobatlashish uchun ishlab chiqaruvchining ikkinchi urinishi. Bu yerda asosiy raqobatchi esa Samsung Galaxy Z Fold turkumidagi mashhur Koreya smartfonlaridir. Tashqi ko'rinishi va ishlatish qulayligi Smartfon jamlanmasining o'zida 66 vattlik quvvatga ega tezkor zaryadlagich va kabel, shuningdek, himoya g'ilofi ham bor. Bu g'ilof qurilma yopilgan holatida kiydiriladi va uning ochilishiga yo'l qo'ymaydi. Ya'ni, u smartfonni olib yurishda hmoyalash vazifasini bajaradi, xolos. Boshqa buklama smartfonlarga solishtirganda Huawei gadjetlarining asosiy o'ziga xosligi shundaki, ular "ekrani tashqarida qolib" yopiladi, boshqalariga o'xshab (asosiy) ekrani ichkarida qolmaydi. Korpusning displey bilan bunaqa "o'ralishi" tufayli smartfon ishlatishga noqulay va ekrani himoyasiz bo'lib qolishi kerak edi. Ammo texnologiya shunchalik ilgarilaganki, hatto ekran matritsasining buklama qoplami ham o'ta ishonchli, mustahkam bo'lib chiqqan! Biroq bunday konstruktiv yechim behuda tanlanmagan. Avvalo, u ekranning egilishini ravonroq qilish imkonini beradi. Displeyda keskin bukilish hosil bo'ladigan darajada, xuddi daftar varag'i kabi buklanishi shart bo'lmaydi. Qolaversa, boshqa ishlab chiqaruvchilarning buklama smartfonlaridagi kabi, qurilma yopilganida kerak bo'ladigan qo'shimcha ekranlarga hojat qolmaydi. Yaxshi o'ylangan: oxir-oqibatda, qayishqoq ekranlar kelajakda "konvertcha" shaklida buklanuvchi emas, balki ruloncha holida o'raluvchi bo'ladi. Yopilgan holatida Huawei Mate Xs 2 anchagina qalin hamda beso'naqay ko'rinadi, ochilganida esa u hayratomuz darajada yupqa va ushlashga qulay. Yoyiq holatida uning asosiy qismi qalinligi - atigi 5,4 mm. Hatto uning og'ir (250 grammdan oshiq) ekanligi ham unchalik sezilmaydi. Vaznini pasaytirish uchun korpusning bir qismi titan qotishmasidan ishlangan. Natijada esa Huawei Mate Xs 2 o'zining asosiy raqibi - Galaxy Z Fold3 modelidan nafaqat yupqaroq va yengilroq, balki yana ekran maydoni va tasvir aniqligi bo'yicha ham undan oldinda. Korpusning orqa tomonidagi ikkita yarmi charmni eslatuvchi g'adir-budur material bilan qoplangan. U qo'lda sirpanib ketmaydi va o'zida barmoq izi olib qolmaydi. O'z uslubiga ega va hashamdor ko'rinadi. Bozorga chiqqan smartfonning ikki xili aynan mana shu qismining rangiga (oq yoki qora) ko'ra o'zaro farqlanadi. Kutilganidek, barmoq izi skaneri korpusning yon qirrasidagi o'chirish-yoqish tugmachasiga o'rnatilgan. Uning maydoni yetarlicha katta, datchik tez va xatosiz ishlaydi. Unda asosiy kamera orqali ham selfi olsa bo'ladi, zero, smartfon yopilganida ekranning bir qismi orqa tomonga o'tadi va u kameraga tushayotgan tasvirni ko'rsatib turadi. Agar qorong'ilikda selfi qilinadigan bo'lsa, yuzni fotochaqnoq bilan yoritish ham mumkin. Oddiy va dohiyona yechim! Ekran Huawei Mate Xs 2 smartfoni diagonaliga 7,8 dyuymlik, 2200x2480 aniqlikdagi qayishqoq AMOLED-displey bilan jihozlangan. Ekranning jismoniy o'lchamlari 132x149 mm.ni tashkil etadi, nuqtalar zichligi - 424 ppi. Ekran atrofidagi romning qalinligi barcha tomonlarda 4 mm.ga teng. Displeyda kadr yangilanish chastotasi 120 gersga boradi. Buklanuvchi ekranning yuza qoplamasi plastikdan ishlangan. Qo'shimchasiga ekranga himoya plyonkasi yopishtirilgan; uni olib tashlash taqiqlangan, ya'ni u ham ekranning bir qismi hisoblanadi. Plyonkaning yuzasi tirnalishlarga chidamli, har holda, tirnoq bilan uni tirnash imkoni yo'q. Qayishqoq ekran yuzasi jiloli va butun yuza bo'ylab salgina notekis, buklanadigan joyida esa bilinar-bilinmas burma mavjud (ammo aynan ishlatish nuqtayi nazaridan qaraganda u sezilmaydi). Kamera Huawei Mate Xs 2 smartfoni klassik tarzda uchtalik bosh kameraga ega, unda birorta "ko'zbo'yamachilikka" o'rnatilgan biror soxta ob'ektiv yo'q. • 50 MP, f/1,8, PDAF, Laser AF (asosiy) • 8 MP, f/2,4, 81 mm, PDAF, OIS, optik zum 3x (telefoto) • 13 MP, f/2,2, 120° (kengburchakli) Kamerani va suratga olishni boshqaruv interfeysi o'z imkoniyatlariga ko'ra boshqa Huawei smartfonlaridagi kabidir. Qurilmaning to'liq ochilishi kamera imkoniyatlariga biror yangilik qo'shmaydi, ekranda o'sha-o'sha kameraga tushayotgan manzara hamda yonida virtual boshqaruv tugmachalari aks etadi. Bu yerda buklama konstruksiyaning yagona foydasi shundaki, smartfonni xuddi noutbuk kabi yarim ochiq holatida biror narsa ustiga qo'yib, shtativsiz ham suratga yoki videoga tushirish mumkin. Dasturiy ta'minot va multimedia Huawei Mate Xs 2 smartfoni Android 11 tizimi asosidagi EMUI 12 interfeysi bilan ishlaydi. Biroq unda Google Play servislari yo'q, shu bois ayrim ilovalar ishlamaydi, hattoki ularni fayldan o'rnatsa ham. Interfeys ko'pchilikka tanish, lekin bu yerda smartfonning o'ziga xosligidan kelib chiqib, to'liq ekran rejimiga ravon o'tish funksiyasi qo'shilgan. To'g'ri, bu faqat kompaniyaning o'z ilovalarida ishlaydi, ammo ularda kichik ekrandan kattasiga va aksincha o'tishda dasturlarni yopish talab etilmaydi. Masalan, shu tariqa SMS yoki qayd matnini terish, taqvim bilan ishlash mumkin va hokazo. Bu asosan, standart smartfonlarda ekranda ketma-ket keladigan ikkita ekran bir vaqtning o'zida katta ekranda aks etishida ko'rinadi. Ya'ni, mohiyatan bu - oddiy interfeys uchun ikkita qadam, bu yerda esa ular bir vaqtda aks etadi. Albatta, ochiq turgan ilovalar oynalari bilan ishlash ham juda qulay: ularni surish, kichraytirish, cho'zish, birini boshqasining ustiga joylashtirish mumkin. Displey stiluslar bilan ham ishlaydi. Chet ilovalarga kelsak, bu masalada hammasi silliq emas. Masalan, o'yinlarni bemalol o'ynash mumkin, ammo, birinchidan, mobil o'yinlar bu displeyning yuksak aniqligini ko'tara olmaydi, chunki uning maydoni katta va unda aksariyat o'yinlarda tasvir xiraroq chiqadi. Ikkinchidan, ekranning yig'ilgan va yoyilgan holatlari orasida o'tishlarni o'yinlar ko'tara olmaydi, hatto Huawei uchun "qadrdon" bo'lgan Standoff 2 kabi o'yinlarda ham. Dastlab ekranda o'yin binoyidek aks etadi, lekin smartfonni yoyganda, tasvir shunchaki cho'ziladi va toki o'yinni o'chirib-yoqmaguncha shunaqa noto'g'ri ko'rinib turaveradi.